APEX BANK va Toshkent xalqaro universiteti hamkorlik memorandumini imzoladi APEX BANK va Tashkent International University ta’lim, kadrlar tayyorlash hamda amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzoladi.

Kelishuv talaba va bitiruvchilarda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, bank va moliya sohasining ehtiyojlarini inobatga olgan holda ta’lim dasturlarini yangilash, shuningdek bank mutaxassislarining ta’lim jarayonida ishtirok etishini nazarda tutadi.

Hamkorlik doirasida tomonlar qo‘shma ta’lim va amaliy loyihalarni amalga oshirishni, APEX BANKda talabalar uchun stajirovkalar va dual ta’lim dasturlarini tashkil etishni, o‘qishda yuqori natijalar ko‘rsatgan bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishiga ko‘maklashishni, shuningdek seminarlar, treninglar, master-klasslar va boshqa qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishni rejalashtirmoqda.