APEX BANK Samarqandda yangi bank xizmatlari markazini ochdi Samarqand O‘zbekistonning eng yirik ishbilarmonlik va sayyohlik markazlaridan biri. Shaharda ishbilarmonlik muhiti va xizmat ko‘rsatish sohasi jadal rivojlanib, aholi va sayyohlar oqimi tobora ortib bormoqda. Bunday sharoitda zamonaviy moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish shahar va biznes infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

10-avgust kuni APEX BANK Samarqand shahrida yangi bank xizmatlari markazini ochdi. Markaz shahar aholisi va biznes vakillariga keng turdagi bank xizmatlaridan bir joyning o‘zida foydalanish imkonini beradi.

Markaz Samarqand shahri, Saydrizo Alizoda MFY, Amir Temur ko‘chasi, 154a-uy manzilida joylashgan.

Yangi markaz jismoniy va korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatadi. Samarqand aholisi bank kartalarini rasmiylashtirish, hisobvaraqlar ochish, kredit va omonat mahsulotlarini rasmiylashtirish hamda boshqa bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega.

Tadbirkorlar va kompaniyalar uchun hisobvaraqlarni ochish va yuritish, hisob-kitob-kassa xizmatlarini ko‘rsatish, to‘lovlarni amalga oshirish, kreditlash hamda biznesning kundalik faoliyati uchun zarur bo‘lgan boshqa moliyaviy yechimlar taqdim etiladi.

«APEX BANK’ning hududlarda faoliyatini kengaytirish — faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Samarqand mamlakatning iqtisodiy va ishbilarmonlik hayotida muhim o‘rin tutadi. Shu sababli shahar aholisi va tadbirkorlar uchun zamonaviy bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish biz uchun muhim. Biz mijozlar uchun qulay sharoitlar yaratishga, ularning kundalik moliyaviy masalalarini hal etish hamda biznesini rivojlantirish jarayonida ishonchli hamkor bo‘lishga intilamiz», — dedi APEX BANK Boshqaruvi Raisi o‘rinbosari Sh.R. Ikramov.

Markazning ochilishi Samarqand aholisi va tadbirkorlariga bank xizmatlaridan bevosita o‘z shahrida foydalanish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. APEX BANK mintaqaviy tarmog‘ini rivojlantirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda aholi va biznes uchun zamonaviy moliyaviy yechimlarni taqdim etishni davom ettirmoqda.

Теlefon: 1881